Yangiliklar
Yangiliklar
2025-05-31
Surxondaryo viloyatida "Kambag‘allikdan farovonlik sari" dasturini samarali amalga oshirish maqsadida Muzrabot tumani pilot hudud sifatida tanlab olingan. Aholi bandligi va farovonligini oshirishga qaratilgan qator loyihalar tumanda bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.
Bugun viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov Muzrabot tumaniga tashrifi davomida ushbu yo‘nalishdagi ishlar holati bilan tanishdi. Jumladan, "Suvonov Omonturdi" xususiy korxonasida sholini qayta ishlash, guruch unidan makaron mahsulotlari ishlab chiqarish hamda eksportbop qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish faoliyati o‘rganildi.
Tashrif doirasida sanoat, qishloq xo‘jaligi, savdo va xizmat ko‘rsatish yo‘nalishlarida amalga oshirilayotgan yangi loyihalar, bo‘sh turgan obyektlar hamda ularni auksion orqali tadbirkorlarga taqdim etish bo‘yicha tadbirlar taqdimoti o‘tkazilib, mas’ullarga tegishli ko‘rsatma va tavsiyalar berildi.
Shuningdek, "Do‘stlik" mahallasidan o‘tuvchi kollektorni zamonaviy texnologiyalar asosida yopish va tun-u-kun faoliyat ko‘rsatuvchi turizm ko‘chasini tashkil etish ishlari bilan tanishildi. G‘alla o‘rimi jarayonida faollik ko‘rsatayotgan ilg‘or kombaynchilar mehnati e’tirof etildi va rag‘batlantirildi.
Yangi ish o‘rinlari yaratish hamda savdo va xizmat ko‘rsatish sohalarini rivojlantirish maqsadida "Xalq yo‘li" va "Oriyat" mahallalarida zamonaviy savdo majmualarini tashkil etish bo‘yicha loyihalarga start berildi.
Tashrif yakunida Qiziriq tumanida amaliy seminar bo‘lib o‘tdi. Unda sohaning tajribali mutaxassislari, nuroniylar, klaster va oilaviy pudrat tizimi vakillari ishtirokida g‘alla yig‘im-terim ishlarini samarali tashkil etish masalalari muhokama qilindi.