Саҳифа манзили: 

Танланган матн: 

Xabar

Yangiliklar

Ko‘klam mahallasidagi moʻjazgina tomorqasida 4 sotix issiqxona barpo etgan izlanuvchan tadbirkor mahalliy iqlimga mos, bozorgir “Korolevskiy” navli banan yetishtirmoqda. Shuningdek, shifobaxsh papaya, qumquvvat kabi o‘simliklarni parvarishlab, mevasini ola boshladi.

error

2026-02-02

Prezident Shavkat Mirziyoyev joriy yil 23 yanvar kuni o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishida tadbirkor Sherzod Xolmatov Sho‘rchi tumanidagi Ko‘klam mahallasining 7 gektar yer maydonida aholi bilan kooperatsiya usulida banan plantatsiyasi tashkil etayotganini, bu ishni Surxondaryo viloyatining Oltinsoy, Qumqo‘rg‘on, Denov, Samarqand viloyatining Samarqand, Toyloq, Jomboy tumanlarida ham amalga oshirish mumkinligini ta’kidladi.

Davlatimiz rahbarining tashabbusida chuqur ma’no bor. Zero, Sherzod Xolmatovning aytishicha, bananchilik juda kam xarajat, ko‘p daromadli biznes. Bir sotix issiqxona tashkil etish o‘rtacha 9 million so‘mga tushadi. Bu yerda 25 tup banan ko‘chati parvarishlasa, qisqa vaqtda mevasini tatib ko‘radi. Yiliga bir tup banandan ikki-uch marta 25-30 kilodan hosil olib, 60 million so‘mgacha daromad qilsa bo‘ladi.

Ko‘klam mahallasidagi moʻjazgina tomorqasida 4 sotix issiqxona barpo etgan izlanuvchan tadbirkor mahalliy iqlimga mos, bozorgir “Korolevskiy” navli banan yetishtirmoqda. Shuningdek, shifobaxsh papaya, qumquvvat kabi o‘simliklarni parvarishlab, mevasini ola boshladi.

– Issiqxonada 20 yildan beri mahsulot yetishtirib kelaman, – deydi Sherzod Xolmatov. – 2023 yilda banan yetishtirishni boshladik. Avvaliga iqlimimizga mos kelishiga ikkilanib, kam miqdorda olib kelgan edik. Ammo natija kutilganidan ham yaxshi bo‘ldi. Hozirda yetti gektar maydonda kooperatsiya usulida banan yetishtirish yo‘lga qo‘yilgan. Issiqxona qurilishi yakunlanish arafasida. Uch yil davomida katta tajriba orttirdim va bu tajribalar o‘z samarasini bermoqda. Banan yetishtirishda mahalliy o‘g‘itlar qo‘llaniladi, o‘simlik har uch-olti oyda muntazam oziqlantiriladi. Qish mavsumini muvaffaqiyatli o‘tkazib olsak, yoz oylarida faqat sug‘orish va o‘g‘itlash kifoya qiladi. Hozirda hosildorlikni oshirish, sifatli ko‘chat tayyorlash hamda mahsulot sifatiga erishish usullari bo‘yicha izlanish olib boryapman. Daraxtida pishib yetilayotgan mahalliy bananlar import mahsulotlaridan ta’mi bilan sezilarli darajada farq qiladi. Uni daraxtida to‘liq pishirish mumkin bo‘lib, bunday banan vitaminlarga boy, kaloriyali va juda mazali bo‘ladi. Uch yil davomida mahsulotni bozorga chiqarishga ulgurmadik. Sababi, xaridorlar bananlarni bevosita issiqxonaning o‘zida, daraxtda pishgan holatida olib ketmoqda. Talab shunchalik oshdiki, iste’molchilar bir marta tatib ko‘rgach, farqni darhol his qilmoqda. Bugungi kunda mahallalarda ham banan yetishtirishni kengaytirish ishlari olib borilmoqda. Ilgariroq ekilgan ko‘chatlar allaqachon hosilga kirdi. Ko‘chat tuvakdan yerga o‘tqazilgandan so‘ng 14 oy ichida hosil bera boshlaydi. Mazkur navning o‘rtacha hosildorligi 20-25 kilogrammni tashkil etsa, tajriba orqali bu ko‘rsatkichni 35 kilogrammgacha oshirishga muvaffaq bo‘ldik. Hozirga qadar bir yilda ikki marta hosil oldik, endilikda esa uch marta hosil olish ustida izlanish olib bormoqdamiz.

Batafsil: https://uza.uz/posts/813361