Yangiliklar
Yangiliklar
2026-02-03
Kambag‘allikdan farovonlik sari: Termiz tumanida 10 gektar tutzor aholiga bo‘lib berildi
Prezidentimiz qarori bilan tasdiqlangan "Kambag‘allikdan farovonlik sari" dasturi doirasida aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash, ularni daromadli mehnatga jalb etishga qaratilgan manzilli chora-tadbirlar izchil amalga oshirilmoqda.
Shu maqsadda bugun Termiz tumani Sabzipoya mahallasida o‘rmon xo‘jaligi yer fondiga qarashli 10 gektar maydonda 30 ming tup tut ko‘chati ekish, shuningdek, tut qator oralaridan samarali foydalanish uchun 20 ta oilaga har biri 50 sotixdan yer maydoni ajratish tadbiri tashkil etildi.
Tadbirda yer maydonlari ajratilgan oilalar hamda tegishli mutasaddi tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda so'z olganlar ushbu loyihaning asosiy maqsadi tutzor barpo etish va uning qator oralaridan samarali foydalangan holda aholini barqaror daromad manbai bilan ta’minlash ekanligini ta’kidlab, ajratilgan yer maydonlaridan oqilona foydalanish bo‘yicha zarur tavsiyalar berdi.
Loyiha doirasida oilalar tomonidan yer maydonlarida yeryong‘oq, poliz ekinlari, piyoz va kartoshka kabi yuqori daromadli qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirilib, yiliga o‘rtacha 50–60 million so‘mgacha qo‘shimcha daromad olish imkoniyati yaratilishi qayd etildi. Buning uchun har bir oilaga ekin urug‘lari uchun subsidiyalar ajratish, shuningdek, tajribali dehqonlarni biriktirish orqali ekinlarni parvarishlash bo‘yicha amaliy ko‘nikmalar berish belgilandi.