Саҳифа манзили: 

Танланган матн: 

Xabar

Yangiliklar

Yangi innovatsion loyiha — “Ishonch” ijtimoiy va maishiy xizmatlar markazi faoliyati yo‘lga qo‘yildi

error

2026-02-10

Yangi innovatsion loyiha — “Ishonch” ijtimoiy va maishiy xizmatlar markazi faoliyati yo‘lga qo‘yildi

Bugungi kunda xizmatlar sohasini rivojlantirish mehnat unumdorligi va ish samaradorligini oshirishning eng muhim va tezkor yechimlaridan biri hisoblanadi. Ayniqsa, ko‘plab xizmat turlarini yagona markazda jamlash hamda call-markaz orqali buyurtmalarni qabul qilish va xizmatlarni muvofiqlashtirish samarali mexanizm sanaladi.

Denov tumanida ana shunday zamonaviy yondashuv asosida tashkil etilgan “Ishonch” ijtimoiy va maishiy xizmatlar markazi o‘z faoliyatini boshladi. Markaz orqali fuqarolarga kunlik mehnatga yollash, elektrik, santexnik, payvandchi, pardoz ustasi xizmatlari, ofis va xonadonlar uchun tozalash, barcha turdagi uy xo‘jaligi xizmatlari, to‘y va bazmlar uchun tozalovchi xodimlar, dezinfeksiya va sanitariya tozalash, shuningdek, xonadonlarni to‘liq ta’mirlash kabi xizmatlar ko‘rsatilmoqda.

Buyurtmalar markazning 1419 qisqa raqami orqali qabul qilinib, xizmat turiga qarab mutaxassislar manzilga yo‘naltiriladi. Markaz mijoz bilan ish bajaruvchi o‘rtasida samarali aloqa o‘rnatib, xizmatlarning tez va sifatli bajarilishini ta’minlaydi.

Bugun Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov markaz faoliyati bilan tanishib, ushbu innovatsion va samarali tajribani ommalashtirish, viloyatning boshqa hududlarida ham jonlantirish zarurligini ta’kidladi. Shuningdek, tadbirkorga faoliyat yo‘nalishlarini yanada kengaytirish bo‘yicha tavsiyalar berilib, mas’ullarga bunday loyihalarni qo‘llab-quvvatlash va ular sonini oshirish vazifalari yuklatildi.

Ma’lumot uchun, 1419 qisqa raqami viloyatning barcha hududlarida faoliyat ko‘rsatib, arzon, sifatli va kafolatlangan xizmat ko‘rsatadi.